TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Tailandda o‘tkazilayotgan veloshosse bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining uchinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi uchinchi medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Yoshlar o‘rtasida individual vaqt poygasi dasturida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Asal Rizayeva ikkinchi natijani qayd etib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.
15 kilometrga kechgan poygada Rizayevadan 4 soniya yaxshiroq natija qayd etgan vyetnamlik Ti Be Nguyen oltin medalni qo‘lga kiritdi, Xitoy Taipeyi vakilasi Cheuk Tam esa shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Eslatib o‘tamiz, bu O‘zbekiston terma jamoasining musobaqadagi uchinchi medali. Birinchi kun doirasida o‘tgan estafeta yo‘nalishida terma jamoa kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan edi.
Musobaqa U-18, U-23 va kattalar o‘rtasida o‘tkazilmoqda. U 13-iyunga qadar davom etadi.