O‘zbekiston va Dog‘iston shaharlari o‘rtasida yangi sayyohlik yo‘nalishi ochilishi mumkin

Maxachqa’la va Toshkent hamda Buxoro o‘rtasida parvozlar soni oshirilishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Maxachqa’la-Derbent-Samarqand-Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha “Oltin xalqa” turistik yo‘nalishini ishlab chiqish taklif qilindi. Bu haqda O‘zbekiston yuqori palatasi axborot xizmati xabar qilmoqda.
Senatning birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya Maxachqa’la shahrida (Dog‘iston Respublikasi) Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi va O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining hamkorlik bo‘yicha komissiyasining 8-yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tomonlar parlamentlararo munosabatlarning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Shuningdek, turizm yo‘nalishlaridagi aloqalarni mustahkamlash, mamlakatlarning mazkur sohalardagi imkoniyatlaridan kengroq foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Din va madaniyatlar o‘xshashligini inobatga olib, ziyorat turizmini yanada rivojlantirish taklif etildi.
“Shu nuqtayi nazardan, Maxachqa’la-Derbent-Samarqand-Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha “Oltin xalqa” turistik yo‘nalishini ishlab chiqish g‘oyasi ilgari surildi”, - deyilgan xabarda.
Maxachqa’la va Toshkent hamda Buxoro o‘rtasida parvozlar sonini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maxachqal’ada o‘zbek quruvchilariga bag‘ishlangan yodgorlik ochilgani xabar qilingan edi.