Shavkat Mirziyoyev Italiya bosh vaziri bilan uchrashdi — foto

Muzokaralarda O‘zbekiston va Italiya orasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya va yana 11 ta davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo hujjatlar qabul qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Italiyaga bo‘lib o‘tayotgan rasmiy tashrif doirasida Respublika Vazirlar kengashi raisi Jorja Meloni bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Shavkat Mirziyoyev Jorja Meloni bilan muzokaralar o‘tkazdi
Shavkat Mirziyoyev mezbonga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib Italiya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va ishonchli sherigi ekani va so‘nggi yillarda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik faollashgani qayd etdi.
Bosh vazir Jorja Meloni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va ularning muvaffaqiyatiga ishonishini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev Jorja Meloni bilan muzokaralar o‘tkazdi
Tomonlar, texnologik va innovatsion sheriklik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish, hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish zarurligini ta’kidlashdi.
Bosh vazir O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda sheriklik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhitini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi hamda “Italiya – Markaziy Osiyo” hamkorlik formatini yanada rivojlantirishga chaqirdi.
Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilar ekan, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni, shu jumladan, Termiz shahridagi logistika markazi imkoniyatlaridan foydalangan holda davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev Jorja Meloni bilan muzokaralar o‘tkazdi
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Jorja Meloni ikki mamlakat o‘rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar.
Yetakchilar huzurida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 11 ta davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘ldi. Huquqiy masalalarda, sanoat mulki va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitimlar shular jumlasidan.
Shuningdek, O‘zbekiston Madaniy meros agentligi bilan Italiya savdo agentligi o‘rtasida restavratsiya sohasida, O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish fondi va Italiya madaniyat vazirligi o‘rtasida madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda 2026-yilga qadar madaniy almashinuvlar dasturi qabul qilindi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Jorja Melonini tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
Shavkat Mirziyoyev Jorja Meloni bilan muzokaralar o‘tkazdi