TOShKENT, 7-iyun — Sputnik. Bugundan prezidentlikka ilgari surilgan nomzodlarning saylovoldi tashviqoti boshlanadi. Mazkur jarayon saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida to‘xtatiladi.
Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir.
O‘zbekistonda tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi.
Noto‘g‘ri axborotni, shuningdek nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.
Quyidagilarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining;
Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarining, Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning;
saylov komissiyalari a’zolarining;
diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeyidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.
Tashviqot quyidagicha olib boriladi:
Nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni nomzodni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;
nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish.
Tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.
Tashviqot ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘i orqali, bosma, ko‘rgazmali, audiovizual, plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni chiqarish hamda tarqatish orqali, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, tashviqot olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlar ta’minlanadi.
Davlat OAVda haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin. Nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonunchilikka muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.
Nomzodlarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun joylar bepul ajratiladi
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchrashuvlar o‘tkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratishi, zarur ma’lumot va axborot materiallarini olishda yordam ko‘rsatishi shart.
Nomzod yoki uning ishonchli vakili boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovida ishtirok etish uchun Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Ilosovich Inoyatovni, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Anvarovna Mahmudovani hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayevni nomzod sifatida ro‘yxatga olgan.
Shuningdek, Ulug‘bek Inoyatovning 15 nafar, Shavkat Mirziyoyevning 14 nafar, Robaxon Mahmudova hamda Abdushukur Hamzayevning 15 nafardan ishonchli vakillari ham ro‘yxatga olindi.