TOShKENT, 7-iyun – Sputnik. Samarqandda to‘rt yigit ko‘p qavatli uyning derazasidan tushib ketgan qizchaning hayotini saqlab qoldi. Bu xaqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha, Samarqanddagi maktablardan birining 11-sinfini bitirayotgan Shohrux Boborahimov, Murod Saidalimov, Ozod O‘tkirov va Jasur Eshnazarov sayr qilib yurishganda ko‘p qavatli uyning 4-qavatida boshi panjara orasiga tiqilib, tanasi havoda osilib turgan kichkina qizchani ko‘rib qolishgan.
O‘quvchilardan biri darhol qizaloqning ota-onasiga xabar berish uchun tepa qavatga yuguradi, qolgan uchovlon qizaloq osilib qolgan balkon ostida qo‘llarini cho‘zib, tirik qutqaruv panjarasini yasashadi.
Bolalardan biri zinapoyadan chiqayotgan paytda qizaloq pastga qulab tushgan. Yigitlar esa uni zudlik bilan tutib olishgan.
Keyinroq aniqlanishicha, onasi uy ishlari bilan ovora bo‘lib yurgan paytda qizaloq eshik qulfi buzilib qolgan balkonga chiqib qolgan ekan. U peshonasidan yengil jarohat olgan.