TOShKENT, 7-iyun — Sputnik. Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekiston suv havzalarida uchrayotgan cho‘kib ketish holatlari nima sababdan sodir bo‘layotganini aytdi. Bu haqida muassasa AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
FVV profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Elor Ahmadaliyevning aytishiga ko‘ra, respublikada cho‘kib ketish holatlari asosan quyidagi sabablarga ko‘ra sodir bo‘lmoqda:
cho‘milish qoidalariga rioya etmaslik;
spirtli ichimliklar iste’mol qilgan holda cho‘milish;
ota-onalarning farzandlariga bo‘lgan e’tiborsizligi.
"Eng, achinarlisi, jabrlanganlar va cho‘kib ketganlarning asosiy qismini voyaga yetmaganlar tashkil etmoqda", — deyiladi xabarda.
Vazirlik bunday holatlarning oldini olish maqsadida quyidagi tavsiyalarni bermoqda:
1.
Ruxsat etilmagan, qo‘riqlanmaydigan joylarda cho‘milmaslik;2.
Cho‘milish jarayonida xavfsizlik qoidalariga amal qilish;3.
Ota-onalar tomonidan cho‘milish havzalarida, suv obyektlari yaqinida farzandlarini, ayniqsa yosh bolalarni qarovsiz qoldirmaslik;4.
Cho‘milish vaqtida spirtli ichimliklar is’temol qilmaslik;5.
Suv obyektlarida nosoz kichik hajmli kemalardan foydalanmaslik;6.
Soylar, kanallar va ariqlar ustidan o‘tgan gaz va suv quvurlari ustida yurmaslik;7.
Fuqarolar suvda cho‘kayotgan insonni qutqarish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi harakatlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari.Bugungi kunda FVV tomonidan barcha hududlarda fqarolar cho‘milish mumkin bo‘lgan qo‘riqlanadigan 196 ta suv havzalari, shuningdek, cho‘milish taqiqlangan, qo‘riqlanmaydigan, fuqarolarning cho‘milish ehtimoli bor 668 ta joylar ro‘yxatga olingan. Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va jamoatchilik vakillaridan iborat 88 ta kuzatuv va nazorat postlari tashkil etilgan.