Xitoy O‘zbekistondan quritilgan va ho‘l mevalar olishga qiziqish bildirdi

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik barqaror rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Kecha, 5-iyun kuni Savdo-sanoat palatasida Xitoyning Xubey provinsiyasi savdo departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Kyu Keming boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda filiali bo‘lgan “Huaxin Cement” sement ishlab chiqarish korxonasi vakillari ham ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik barqaror rivojlanib borayotgani qayd etildi. Shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar muhokama qilindi. Xorijiy tomon Xitoyga mahalliy quritilgan va ho‘l mevalarni olib kirishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlik tafsilotlarini kelgusida batafsil muhokama qilishga, xususan, muzokaralar davomida qayd etilgan loyihalarni ishlab chiqishni ko‘rib chiqishga kelishib olindi.