TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mirziyoyevning matbuot xizmati xabar berdi.
Siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv avvalida Qatar Amiri Mirziyoyevga tashrif bilan kelish taklifi hamda Qatar delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
Diplomatik munosabatlar tarixida birinchisi bo‘lgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi hamda uni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi qayd etildi.
“Biz Qatarni nafaqat Yaqin Sharq mintaqasida, balki butun arab-musulmon olamida o‘zimizning istiqbolli hamkorimiz sifatida bilamiz. Siz bilan so‘nggi yillardagi muloqotlarimiz bois munosabatlarimizda katta siljish kuzatilmoqda”, - dedi Mirziyoyev.
Joriy yilda Toshkent shahrida Qatar elchixonasi ochilgani ikki tomonlama hamkorlikni faol ilgari surishda muhim o‘rin tutgani ta’kidlandi. Qatar tomoni Dohada O‘zbekiston elchixonasi ochilishi ushbu jarayonga kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.
Tomonlar o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
Qatarning yetakchi kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shu yil sentabr oyida O‘zbekiston-Qatar investitsiya forumini o‘tkazish hamda qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoni Ko‘rfaz mamlakatlari bilan bog‘laydigan eng qisqa, ishonchli va xavfsiz yo‘laklarni shakllantirish muhimligini qayd etdilar.
Madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, shu jumladan birgalikda madaniyat kunlari, konsert dasturlari, ko‘rgazmalar, hunarmandchilik va pazandachilik namoyishlarini o‘tkazishga kelishib olindi. Mamlakatlar poytaxtlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgan muntazam aviaqatnovlar ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Tomonlar Afg‘onistonga nisbatan pragmatik siyosat yuritilishi, mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishi muhimligini ta’kidladilar.
Shu ma’noda, Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirishni birgalikda ilgari surish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv so‘ngida shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Mirziyoyevni Qatarga tashrif bilan borishga taklif qildi.
Muzokaralar konstruktiv, ochiq va ishonchli ruhda o‘tdi.