Bo‘ka tumanida tergov vaqtida vafot etgan shaxs yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi

Fuqaro bir qator o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib qo‘lga olingan bo‘lgan.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyun –Sputnik. Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 4-iyun kuni 36 yoshli fuqaro ichki ishlar xodimlari tomonidan surishtiruv o‘tkazilayotgan vaqtda vafot etdi. Voqea yuzasidan jami 7 nafar ichki ishlar tizimi xodimi ishdan bo‘shatilgan, deya xabar berdi Ichki ishlar vazirligi.
Ma’lum qilinishicha, marhum o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, 3-iyun kuni himoyachisi X.Yuldasheva ishtirokida Bo‘ka tuman IIB tergov xonasida so‘roq qilingan. Aytilishicha, so‘roq videoyozuvga to‘liq yozib olingan.
IIB xabariga ko‘ra, shu kuni soat 23:30 larda gumonlanuvchining sog‘lig‘i yomonlashgan. Tez tibbiy yordam chaqirtirilgan, biroq shifokorlar muolajalariga qaramasdan, u kasalxonada vafot etgan.

"Aniqlanishicha, soat taxminan 22.00larda gumonlanuvchi Bo‘ka tumani Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘limi yuz bergan", - deyiladi xabarda.

Sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga ko‘ra, marhumning tanasida tan jarohatlari aniqlangan. Shundan so‘ng, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olingan.
Shuningdek, IIVning buyrug‘i bilan xolis tergov va tekshiruvni ta’minlash maqsadida xizmat vazifasiga ma’suliyatsizlik bilan yondoshgan Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Babaxanov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudayqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Achilov, shuningdek navbatchilik qismi mas’uli Sh.Ibragimovlar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Voqeaga aloqador tezkor xodimlar esa ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatilgan.

"Xodimlar o‘z jinoiy qilmishlarini rad etayotgan bo‘lsada, marhumning tanasida tan jarohatlari borligini hisobga olib prokuratura tomonidan qo‘shimcha gistologik (ichki organlar va to‘qimalardagi jarohat vaqti va jarajasini aniqlash bo‘yicha) ekspertiza tayinlangan", - deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Ekspertiza xulolasi bo‘yicha xodimlarning jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi.