AQSh uchun eng katta harbiy tahdid e’lon qilindi

Vivek Ramasvamining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya-Xitoy ittifoqini parchalash zarur, chunki u Vashington uchun eng katta harbiy tahdid hisoblanadi.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yishini e’lon qilgan amerikalik tadbirkor Vivek Ramasvami Rossiya-Xitoy ittifoqini parchalash zarur deb hisoblaydi. Bu haqda RIA Novosti "Fox News" telekanaliga tayanib xabar berdi.
Vivek Ramasvamining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya-Xitoy ittifoqini parchalash zarur, chunki u Vashington uchun eng katta harbiy tahdid hisoblanadi.
“O‘ylaymanki, biz Xitoy-Rossiya ittifoqiga jiddiy zarba berishga e’tibor qaratishimiz kerak, chunki menimcha, bu biz duch keladigan eng katta harbiy tahdid”, — dedi u.
Ramasvamining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi bilan ittifoq Xitoyning Tayvanga qarshi harakatlariga ishonch beradi, chunki Pekin Vashington bir vaqtning o‘zida ikkita yadroviy qudratli davlatga qarshi chiqmaydi, deb hisoblaydi.
Bundan tashqari, u Xitoy Kommunistik partiyasi islohot qilmaguncha va Pekin o‘z siyosatini o‘zgartirmaguncha, Xitoy bilan biznes yuritishni taqiqlash tarafdori.
Avvalroq Rossiya Federatsiyasi va Xitoy o‘zlarining strategik hamkorligi uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmaganligini bir necha bor ta’kidlagan edi. Moskva G‘arbning Rossiya-Xitoy munosabatlariga putur yetkazish urinishlarini qayd etib, hech kim muvaffaqiyatga erisha olmasligini aytdi.