O‘zbekiston UNWTO Bosh Assambleyasi prezidenti etib saylandi

O‘zbekistonga UNWTO Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasida mezbon sifatida raislik qilish vakolati berildi.
Sputnik
TOShKENT, 5-iyun — Sputnik. O‘zbekiston delegatsiyasi Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov boshchiligida Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tkazilayotgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Yevropa komissiyasining 68-yig‘ilishida ishtirok etmoqda. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Tadbirda tashkilotning qator vakolatli organlari uchun saylovlar o‘tkazilmoqda. Saylovlar yakuniga ko‘ra O‘zbekiston 3 ta nominatsiyada g‘olib deb topildi.
O‘zbekistonga UNWTO Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasida mezbon sifatida raislik qilish vakolati berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston keyingi 2023-2027 yillar muddatiga UNWTO Ijroya kengashining Vakolatlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zoligiga qabul qilindi. Bu UNWTO Ijroya kengashi tomonidan qabul qilinadigan muhim qarorlar va hujjatlar, ularda a’zo davlatlar ishtiroki haqqoniyligi va tamoyillarga mosligini nazorat qilish vakolati O‘zbekistonga topshirilganligini bildiradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston 2023-2027 yillar davomida UNWTO Afillangan a’zolar qo‘mitasiga saylandi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari e’tiboriga “Samarqand – Yangi O‘zbekiston turizm darvozasi” taqdimoti havola etildi.
2023 yilning 16-20 oktabr kunlari Samarqand shahrida UNWTO Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi bo‘lib o‘tadi.