Qurbon hayiti tarixi va ahamiyati

Musulmon olamida keng nishonlanadigan, barcha musulmonlar uchun xos bo‘lgan bayramlardan biri bu hayit (iyd) bayrami hisoblanadi.
Sputnik
“Hayit” so‘zi arab tilidan kirib kelgan so‘z bo‘lib, “iyd” – bayram, ma’nosini bildiradi. Islom an’anasiga ko‘ra ikkita hayit bayram sifatida nishonlanadi: Ramazon hayiti (Iyd as-sig‘ar, Iyd al-fitr) va Qurbon hayiti (Iyd al-kabir, Iyd al-adho).
Musulmon olamida hayit kunlari oy taqvimi asosida belgilanadi. Qurbon hayiti zulhijja oyining o‘ninchi kuniga to‘g‘ri keladi.
Qurbonlik hijriy ikkinchi yil vojib bo‘lgan bo‘lsa-da, lekin uning tarixi ancha uzoqlarga – Ibrohim alayhissalom zamonlariga borib taqaladi va u zotdan bizga qolgan amallardandir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonlik qilinglar! Albatta, u otamiz Ibrohim alayhissalomning sunnatlaridir”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ibrohim alayhissalomga tushlarida: “Siz o‘z farzandingizni jonini bizga fido qiling” degan amr bo‘ldi. Ibrohim alayhissalom bu hukmni Ismoil alayhissalomga bayon qildilar.
Ismoil alayhissalom esa “Ey otajon, sizga (tushingizda Parvardigor tomonidan) buyurilgan ishni qilging. In shaa Alloh meni sabr qilguvchilardan topursiz” dedilar.
Ibrohim alayhissalom o‘g‘li Ismoil alayhissalomni peshonalarini bir narsa ustiga qo‘yib, zabh qilishni boshlab, kuch bilan pichoqni tortgan edilar, pichoq kesmadi. Chunki Ibrohim alayhissalomga “so‘ying” deb, pichoqqa esa “so‘ymagin” deb hukm bo‘lgan edi.
Ibrohim alayhissalom g‘azablanib pichoqqa: “Senga nima bo‘ldi, nima uchun kesmayapsan?” deydilar. Pichoq: “Ey Ibrohim! Siz o‘z ishingizni qiling, men o‘z ishimni qilaman. Chunki sizga boshqa hukm, menga boshqa hukm buyurilgan”, dedi.
Darhaqiqat pichoqqa “O‘tmas bo‘l” deb hukm bo‘lgan edi, u o‘tmas bo‘lgandi. Ibrohim alayhissalomga esa “So‘ying” deb hukm bo‘lgan edi, ular so‘yishga kirishdilar. Shu paytda g‘aybdan ovoz keldi: “Ey Ibrohim, darhaqiqat sen (ko‘rgan) tushingni rost-bajo qilding”. Ibrohim alayhissalomning bu amallariga qurbonlik qilish masalasi tortib topdi. Alloh taolo uning bu amaliga nihoyatda “ulkan amal” deb baho berdi. Chunki u zot o‘z taraflaridan qilinishi kerak bo‘lgan ishni mukammal ado etgan edilar. Ular o‘g‘illarini so‘yishga yotqizib, uning bo‘yniga pichoq tortayotgan vaqtlarida pichoqqa “so‘yma” deb amr bo‘lganini bilmagan va pichoq ham o‘z ishini qilmasligidan bexabar edilar. Balki, “pichoqni tortaman va shu bilan qurbonlik ishi tamom bo‘ladi” deb o‘ylagan edilar.
Bu qissa haqida Alloh taolo shunday bayon qiladi:

“Albatta Biz chiroyli amal qilguvchilarni mana shunday mukofotlarmiz. Albatta bu (ya’ni Ibrohimning o‘z o‘g‘lini qurbon qilishga buyurilishi) ochiq-ravshan imtihondir xolos. Biz (Ismoilning) o‘rniga (Ibrohimga) katta bir (qo‘chqor) so‘yishni – qurbonlikni evaz qilib berdik (ya’ni katta bir qo‘chqorni jannatdan tushirdik)”.

Payg‘ambar alayhissalom sahobai kiromlarga Islom ta’limotlaridan tushuntirish olib boruvchi suhbatlaridan birida Qurbon bayrami haqida, uning musulmon ummati hayotida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritib quyidagilarni aytdilar: “Qurbonlik kunini iyd qilishga amr qilindim. Uni Alloh bu ummat uchun qilgandir”, dedilar. Bir kishi: “Aytingchi, men urg‘ochi maniyhadan o‘zga narsa topmasam, uni qurbonlik qilamanmi?” dedi. U zot: “Yo‘q! Lekin, sochingni va tirnoqlaringni olasan. Mo‘ylabingni qisqartasan. Qovug‘ingni tozalaysan. Ana o‘shalar, Allohning nazdida sening qurbonligingning tugal bo‘lganidir”, dedilar”. Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilgan.
(Maqola O‘zbekiston musulmonlar idorasi Fatvo markazi hamkorligida tayyorlandi)