TOShKENT, 3-iyun — Sputnik. Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Bu haqda 1-iyun kuni davlat rahbari imzolagan farmonda nazarda tutilgan.
Agentlik aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organiga aylandi.
Hujjatga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ham tashkil etildi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining asosiy vazifalari:
har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi haqiqiy holatni hamda ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash;
oilalarning iqtisodiy-ijtimoiy holati va ehtiyojlarini o‘rganish natijasida ularning ijtimoiy pasportlarini shakllantirish;
ehtiyojmand aholi bilan, shu jumladan, keys-menejment usulini qo‘llagan holda samarali ish tashkil qilish, ulardan ijtimoiy xizmatlar va yordam olish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilish, zaruratga qarab buyurtmalarni mas’ul vazirlik va idoralarga yuborish;
og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni muntazam ravishda monitoring qilib borish, ular uchun ijtimoiy xizmat va yordamlarni tashkil etish.
Agentlik tomonidan 15-avgustga qadar aholini ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ko‘rsatish dasturlari bo‘yicha, shu jumladan, ularning mobil aloqa vositalariga ma’lumot yuborish orqali xabardor qilish amaliyoti joriy etiladi.
Shuningdek, 1-oktabrga qadar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimini ishga tushiradi.
2024 yil 1-yanvardan boshlab “Mehr daftari”, “Saxovat va ko‘mak”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va ko‘maklar qamrab olinadi.
Har haftaning juma kuni “Mehr va saxovat kuni” sifatida belgilanib, ehtiyojmand aholi, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ularga g‘amxo‘rlik qilish hamda xayriya tadbirlari o‘tkaziladi.
Agentlik qanday huquqlarga ega?
vakolatli davlat organlariga aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha dasturlar talablarini bajarmaganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan chora-tadbirlarni qo‘llash bo‘yicha taqdimnomalar kiritish;
umummajburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;
ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan holatlar yuzasidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish;
davlat organlari va tashkilotlarining ma’lumotlar bazasidan real vaqt rejimida foydalanish;
davlat organlari va tashkilotlaridan zarur statistik, tahliliy hamda boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida imtiyozli tarzda o‘qishga qabul qilish parametrlarini belgilash;
maslahat-kengash organlari va ekspert komissiyalarini tashkil etish;
maxsus kasbiy bilimlarni talab etadigan masalalarni ko‘rib chiqish uchun davlat organlari va tashkilotlarining mutaxassislarini jalb etish;
ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlik yuzasidan va boshqa shartnomalarni tuzish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mansurbek Olloyorov O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoni bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.