BAA aviakompaniyasi O‘zbekistonning yana bir shahriga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqchi

Abu-Dabidan Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) "Wizz Air" loukoster aviakompaniyasi Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda Buxoro viloyati Madaniyat va turizm boshqarmasi xabar berdi.
Buxoro viloyati Madaniyat va turizm boshqarmasi boshlig‘i BAAdagi "WizzAir" loukoster aviakompaniyasi mutasaddilari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Hozirda aviakompaniya Toshkent va Samarqandga Abu-Dabidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarini yo‘lga qo‘ygan. Muzokaralar davomida kelgusida ushbu reyslarni Buxorodan ham amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Ushbu taklif BAA loukosteri rahbariyati a’zosi Krislen Keri tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Buxoro xalqaro aeroporti va Buxoro viloyatining turistik salohiyati taqdimoti o‘tkazildi.

“Kelgusida mazkur aviakompaniya bilan haftasiga Abu Dabi-Buxoro-Abu Dabi reyslarini amalga oshirish bo‘yicha Buxoro viloyati hokimligi, Buxoro xalqaro aeroporti bilan barcha choralarni ko‘rishga qaror qilindi”, - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bu Buxoroga BAAdan keladigan sayyohlar sonining sezilarli darajada oshish imkonini yaratadi.