Tabiat resurslari vazirligi qayta nomlandi

Tabiat resurslari vazirligi o‘tgan yil oxiridagi ma’muriy islohotlari doirasida tashkil etilgan edi.
Sputnik
TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi deb qayta nomlanadi. 31-may kuni buni nazarda tutuvchi prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.
"Bundan maqsad O‘zbekiston prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, raqamli texnologiyalar asosida zamonaviy ekologik monitoring mexanizmini yaratish, ekologik madaniyatni yanada oshirish, bioxilmaxillikni asrash va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tartibga solish, shuningdek, daraxt, butalarni ekish va yashil hududlarni tashkil qilish hamda ularni muhofaza qilishning yangi tartiblarini joriy qilish orqali ekologik vaziyatni tubdan yaxshilashdir", - deyiladi vazirlik xabarida.
Vazirlikda alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tashkil etildi.
Shuningdek, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga mas’ul bo‘lgan bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi kiritildi.
O‘tgan yil oxiridagi ma’muriy islohotlar doirasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, Gidrometrologiya xizmati hamda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi birlashtirilib, Tabiat resurslari vazirligi tashkil etilgan edi.