TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi sammiti doirasida Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va mintaqaviy formatda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga oid masalalarning keng doirasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va YeI yetakchilari ikki tomonlama savdoni diversifikatsiya qilish va hajmini oshirish, “GSP+” imtiyozli savdo tizimining amal qilish muddatini uzaytirish, samarali transport yo‘nalishlari, eng avvalo, Transkaspiy tranzit yo‘lagini rivojlantirish, “yashil” energetika, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, ekologiya, ta’lim, turizm va boshqa sohalarda qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida to‘xtalishdi.
Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlarni va ushbu mamlakatga insonparvarlik yordamini davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.