TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Endi o‘zbekistonlik advokatlarga QR-kodli guvohnoma beriladi. Bu Hukumatning 226-sonli qarori bilan tasdiqlangan tegishli nizomda nazarda tutilgan.
O‘zbekistonda advokatlik guvohnomasini berish tartibi belgilandi. Nizomga muvofiq, advokatlik guvohnomasi advokatlik tuzilmasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan joy bo‘yicha hududiy adliya organlari tomonidan 10-yilga beriladi.
Talabgor advokatlik tuzilmasiga qabul qilingandan so‘ng advokatlik guvohnomasini olish uchun arizani “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali elektron shaklda adliya organiga yuboradi.
Advokatlik guvohnomasini berish uchun to‘lov undirilmaydi.
Ariza yuborilgandan so‘ng 2 ish kunida advokatlik guvohnomasi beriladi. Advokatlik guvohnomasi tayyor bo‘lishi bilan talabgorga axborot tizimi orqali real vaqt rejimida xabarnoma yuboriladi.
Talabgorga advokatlik guvohnomasini berish quyidagi hollarda rad etiladi:
talabgor advokatlik tuzilmasini tashkil etmagan yoki mavjud advokatlik tuzilmalaridan biriga qabul qilinmagan bo‘lsa;
talabgor advokat qasamodini qabul qilmagan bo‘lsa.
Advokatlik guvohnomasi undagi maxsus QR-kodni skanerlash imkoni bo‘lmaydigan darajada yaroqsiz holga kelganda haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Advokatlik guvohnomasi undagi maxsus QR-kod (matrik shtrixli kod) tasvirini yaroqsiz holatga kelishining oldini olish imkoni beradigan texnologiyada tayyorlanishi ta’minlanadi.
Advokatlik guvohnomasi quyidagi hollarda qayta rasmiylashtiriladi:
advokatning familiyasi, ismi yoki otasining ismi o‘zgarganda, uning litsenziyasi qayta rasmiylashtirilgandan so‘ng;
advokat boshqa adliya organi joylashgan hududda ro‘yxatdan o‘tgan advokatlik tuzilmasiga kirganda;
advokatlik guvohnomasining amal qilish muddati tugaganda;
advokatlik guvohnomasi yo‘qotilgan yoxud yaroqsiz holga kelganda.
O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan moneliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi. Advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi va qonun bilan muhofaza qilinadi.