TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda bu yil test sinovlari katta sig‘imli binolarda o‘tkaziladi, deya xabar berdi Ta’lim nazorati.
Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasining bayoni bilan test sinovi o‘tkaziladigan binolar ro‘yxati tasdiqlandi.
Unga ko‘ra 2023-2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari katta sig‘imli binolarda o‘tkaziladi.
Bunda test sinovlarini o‘tkazish uchun 92 ta bino tanlab olingan bo‘lib, bir smenada 44 ming nafar abituriyent test sinovida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Ushbu binolar Bilimni baholash agentligi tomonidan mahalliy hokimlik va idoralar bilan kelishilgan holda tanlab olingan.
“Mazkur bayonda Agentlikka mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda test sinovlari o‘tkaziladigan binolar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolati berilgan bo‘lib, binolar ro‘yxatida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yangi o‘quv yili uchun test sinovlari o‘tkaziladigan 92 ta yopiq inshoot tanlab olinganini ma’lum qilgan edi. Ma’lum qilinishicha, test sinovlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan alohida binolarning mavjud emasligi sababli aksariyat sinovlar ta’lim muassasalari o‘quv binolarida ta’lim jarayoniga xalaqit qilmaslik uchun haftaning dam olish (shanba va yakshanba) kunlarida o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i bilan respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, umumiy 2023/2024 o‘quv yili qabulida abituriyentlarga 5 ta fan bo‘yicha jami 90 ta test topshirig‘i beriladi. Bunda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 189 ballni tashkil etadi.