TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Shimoliy Atlantika alyansi Rossiyaga qarshi harbiy harakatlar uchun qandaydir maxfiy rejalar tayyorlagani haqidagi xabar G‘arb jamoatchiligi uchun noxush zarba bo‘ldi. Ular vaziyat xavfli tus olayotganidan shubhalana boshladi.
Gap shundaki, so‘nggi o‘ttiz yil davomida NATO bloki o‘zini "tinchlik kabutari" sifatida ko‘rsatishga harakat qilib kelmoqda. Blok doimiy ravishda o‘zining sof mudofaa maqsadlari haqida gapirib, bir vaqtning o‘zida tinimsiz sharqqa qarab kengayishda davom etdi. Rossiya chegaralariga yaqinlashdi va shu bilan birga bir necha mamlakatlarni bosib oldi va vayron qildi, ularning tinch aholisini o‘ldirdi. Yugoslaviya, Liviya va Iroq fuqarolari NATO davlatlarining "mudofaa" maqsadida qirg‘in qilindi.
Shunga qaramay, ushbu ziyofatga pul to‘lagan yevropalik soliq to‘lovchilar NATO agressiyasiga kamdan kam hollarda norozilik bildirishdi. Faqat Iroqdagi urush bundan mustasno bo‘ldi. Chunki bombardimonlar va vayronalar Parij va Berlin juda uzoqda sodir bo‘lgan edi. Hatto NATOning Yugoslaviyaga bostirib kirishi ham bu munosabatni o‘zgartira olmadi.
Eng muhimi, so‘nggi o‘n yilliklarda NATOning barcha raqiblari kam harbiy salohiyatga ega kambag‘al davlatlar edi. Ularning Parij va Berlingacha yetib kelishga qodir bo‘lgan javobi yo‘q edi va bo‘lishi ham mumkin emas edi.
Amerikaning Newsweek jurnali NATOning Rossiya bilan urush uchun tayorlanayotgan maxfiy rejalari haqida material e’lon qildi. Bu rejalar NATOning navbatdagi sammitida qabul qilinishi kerak. Sammit Vilnyusda 11-12 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
Rasman sammit dasturida Rossiya bilan qarama-qarshilik bilan bog‘liq faqat oltita vazifasi sanab o‘tilgan. Bular: alyans qurolli kuchlari boshqaruvini barcha harbiy harakatlar teatrlarida muvofiqlashtirish, mudofaa sohasida xususiy kompaniyalar bilan uzoq muddatli hamkorlik shartnomalari imzolash, qurol va o‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va ularning zaxiralarini yaratish, uzoq muddatli urushga tayyorgarlik ko‘rish. Bular aslo bugungi kunning vazifalari emas – bu maqsadlarga erishish uchun bir necha yil kerak bo‘lishi ochiq e’tirof etilgan.
G‘arb jamoatchiligida NATOning Rossiyaga qarshi harbiy amaliyotlar o‘tkazish bo‘yicha boshqa maxfiy rejalari ham bezovtalik uyg‘otdi. "Newsweek" ma’lumotlariga ko‘ra, minglab varaqlarda yozilgan hujjatlar puxta rejalashtirilgan juda aniq manyovrlarni o‘z ichiga olgan.
Ya’ni alyans Rossiya bilan jang maydonida jiddiy to‘qnashishni ko‘zlamoqda va shu bilan birga, na Yevropa mamlakatlari aholisi, na ularning parlamentariylari bu to‘qnashuv qanday sodir bo‘lishini tushunadi. Oddiy qilib aytganda, kimning boshiga bombalar tushishi aniq emas. Va bu, albatta, Parij va Berlin aholisi uchun eng yoqimsiz yangilik. Ularni o‘zlarining mablag‘lari evaziga ularga yaqin bo‘lgan kuchli davlatga qarshi urushga jalb qilishmoqda. Eng muhimi — bu safar raqib uzoqdagi kichik va himoyasiz mamlakat emas, balki dunyoning eng yirik yadroviy kuchga ega davlati.
Rossiya uchun NATOning bu kabi maxfiy rejalari borligi yangilik emas. Bu alyans boshidanoq SSSR va Varshava shartnomasi mamlakatlariga qarshi harbiy qarama-qarshilik uchun yaratilgan edi va uning generallari Sovuq urush davridan buyon dastlab SSSR, keyin Rossiyaga qarshi urushlar ssenariylarini yozish bilan band bo‘lgan.
SSSR parchalanganidan keyin, aslida, hech narsa o‘zgarmadi. 2010-yilda NATO generallari Boltiqbo‘yida jangovar reja tuzdilar. Bunda bahona, tabiiyki, "Rossiya agressiyasi" bo‘ldi. O‘sha paytda NATOga qo‘mondonlik qilgan amerikalik admiral Jeyms Stavridis Boltiqbo‘yi va Polsha qurolli kuchlarining o‘zaro hamkorligini o‘rnatdi, dengizdan qo‘llab-quvvatlash portlarini aniqladi va NATOning to‘qqizta Amerika, Britaniya, Germaniya va Polsha bo‘linmalarini tayinladi. Rejaga ko‘ra, ular Boltiqbo‘yi davlatlarini Rossiyaning "bosqinidan" himoya qilishi kerak edi.
Eslatib o‘tamiz, bu 2010-yil edi - AQSh va Rossiya munosabatlarini "qayta qurish" davrlari. NATOning Boltiqbo‘yi bo‘yicha rejalari juda yashirin edi, ular haqida keyinroq "Wikileaks"ga sizgan ma’lumotlardan ma’lum bo‘ldi. Shunga qaramay, alyans barchani faqat himoyaviy maqsadlarni ko‘zlayotganiga ishontirishda davom etdi.
Bugungi kunga kelib, NATO, barcha kafolatlarga qaramay, Rossiyaga qarshi ukrainaliklar qo‘li bilan harbiy amaliyotlar o‘tkazmoqda. Bundan tashqari, Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish maxsus operatsiyadan ancha oldin boshlangan.
2021 yilda AQSh harbiy-havo kuchlari generali, NATOning Yevropadagi qo‘shma kuchlarining o‘sha paytdagi qo‘mondoni Todd Uolters Ukrainaga G‘arb qurollarini yetkazib berish kanallarini o‘rnatdi. Birinchi "Stinger"lar va "Javelin"lar maxsus operatsiyadan ancha oldin yetkazib berildi. Bu haqda general "Vashington Post" gazetasining nufuzli harbiy sharhlovchisi Devid Ignatiusga gapirib berdi. Keyin esa bu odamlar ko‘zlarini katta ochib va har qadamda "NATO Rossiya bilan urushmayapti" deb takrorladilar.
NATOning Ukraina hududidagi harbiy faoliyati natijalari ayanchli. Ko‘p miqdorda yetkazib berilgan qurol-aslaha yakson qilingan yoki trofeyga aylangan. Yevropa omborlari bo‘shab qolgan. Ukraina Qurolli kuchlari shaxsiy tarkibi katta yo‘qotishlarga uchradi, mamlakat o‘z hududining beshdan bir qismini yo‘qotdi. Rossiya yangi hududlarni qo‘shib oldi va Qrimga quruqlik yo‘liga ega bo‘ldi, Azov dengizi ichki dengizga aylandi. Ukraina iqtisodiyoti endi mavjud emas, Rossiya iqtisodiyoti esa sog‘lomlashib, tobora yaxshiroq ishlamoqda.
Mantiqsiz Ukraina amaliyoti NATO obro‘siga jiddiy ziyon yetkazdi. Zamonaviy davrdagi eng kuchli harbiy blok hisoblangan Ittifoq rejalashtirishda ham, ta’minotda ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Darhaqiqat, Yevropa hukumatlari ichki audit o‘tkazish va NATO generallariga nima uchun bunday yuqori maosh to‘lashlarini aniqlash vaqti keldi.
Ukraina "qarshi hujumi" esa tuganmas teleserialga aylandi. Boshida uni maxsus operatsiya bir yilligida e’lon qilingan edi, keyin u bahorga ko‘chirildi, endi esa yozga qoldirildi. Jang maydonida muvaffaqiyatga erisha olmagan NATO axborot "bombasini" portlatdi — minglab sahifalarda bitilgan Rossiyaga qarshi urush maxfiy super rejasi. Nima ham derdik juda "halokatli qurol".