TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. Rossiya qo‘shinlari FSB bo‘linmalari bilan birgalikda ukrainalik jangarilarning Belgorod viloyatiga bostirib kirish va tinch aholiga qarshi terakt uyushtirishga qaratilgan uchta urinishini qaytardi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi. RIA Novosti xabariga asosan.
“Moskva vaqti bilan soat 03:00 atrofida Belgorod viloyatidagi tinch aholi obyektlarini intensiv o‘qqa tutgandan so‘ng, Ukraina terrorchilik tuzilmalari tanklar bilan mustahkamlangan ikkita moto-o‘qchi otradidan iborat kuchlari Rossiya Federatsiyasi hududiga bostirib kirishga urindilar. Novaya Tavoljanka aholi punkti va Shebekino xalqaro avtomobil nazorat punkti hududida", - deyiladi xabarda.
Operatsiya davomida G‘arbiy harbiy okrug aviatsiyasi dushmanga 11-marta zarba berdi, raketa qo‘shinlari va artilleriya 77 ta o‘t ochish nuqtalarini bostirish missiyasini amalga oshirdi va og‘ir artilleriya tizimlaridan ikki marta zarba berdi. Faol harakatlar dushmanni orqaga surishga imkon berdi, davlat chegarasini buzishga yo‘l qo‘yilmadi.
"30 dan ortiq ukrainalik terrorchi, to‘rtta zirhli jangovar mashina, "Grad" reaktiv tizimi, bitta pikap yo‘q qilindi", - deya xulosa qildi Mudofaa vazirligi.
Ukraina tomoni kecha tunda chegaradan to‘rt kilometr uzoqlikda joylashgan 40 ming kishilik Shebekino shahrini intensiv o‘qqa tuta boshladi. Belgorod viloyati gubernatori Vacheslav Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, hech kim halok bo‘lmagan, kamida sakkiz kishi jarohatlangan. Shaharda elektr ta’minoti uzilgan, yotoqxona yonib ketgan, ma’muriyat binosi shikastlangan. So‘nggi kunlarda Shebekino deyarli uzluksiz ommaviy o‘qqa tutildi. Mahalliy ma’muriyat ma’lumotlariga ko‘ra, kechagina Shebekinoda 37 ta ko‘p xonadonli va 29 ta xususiy uy, 70 dan ortiq avtomobil shikastlangan.