Toshkent shahar hokimligi va Yuetsin xalq hukumati o‘rtasida memorandum imzolandi

Sharof Raxmanov shahar hokimligi Yuetsin shahri bilan hamkorlik qilish, ularga barcha yo‘nalishlarda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 31-may — Sputnik. Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmanov kecha, 30-may kuni Yuetsin (XXR) shahar munitsipal xalq hukumati rahbari o‘rinbosari Chjo Saylun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Sharof Rahmanov so‘nggi yillarda poytaxtda amalga oshirilgan islohot va yangilanishlar haqida qisqacha ma’lumot berib, shahar hokimligi Yuetsin shahri bilan hamkorlik qilish, ularga barcha yo‘nalishlarda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Chjo Saylun 1600-yillik tarixga ega shahar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi, delegatsiya tarkibidagi kompaniyalar, ularning faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, poytaxt bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish va mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Rahmanov shahar hokimligi xitoylik tadbirkorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga har tomonlama yordam berishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Yuetsin xalq hukumati va Toshkent shahar hokimligi o‘rtasida iqtisodiy va savdo hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.