Toshkentda xalqaro bolalar rasmlari ko‘rgazmasi ochildi — foto

Unda ShHTga a’zo mamlakatlardan bolalarning 300 dan ortiq rasmlari ishtirok etmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 31-may — Sputnik. Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Toshkent fotosuratlar uyida xalqaro bolalar rasmlari ko‘rgazmasi ochildi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar berdi.
“Tabiatni birgalikda asraylik” shiori ostida ochilgan mazkur ko‘rgazmada ShHT davlatlaridagi maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar atrof-muhitni asrash va ona tabiatga bo‘lgan muhabbat haqidagi tushunchalari va tasavvurlarini rasmlar orqali ifodalashga harakat qilgan. Ko‘rgazmada 300 dan ortiq rasmlar ishtirok etmoqda.
“O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tizimida bolalarga ta’lim-tarbiya berish bilan bir qatorda ularni iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, qiziqish va qobiliyatlarini yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, shuningdek, ko‘plab kreativ loyihalar ham ishga tushirilgan. Bugungi xalqaro ko‘rgazma ham iste’dodli bolalarni kashf qiladi va ularning ijodiy olamini ochib beradi, deb o‘ylayman. Shu bilan birga, ushbu tadbir bolalarda tabiatni asrashga bo‘lgan mas’uliyatni oshirib borishga xizmat qiladi”, – dedi Maktabgacha ta’lim agentligi o‘rinbosari Oyatullo Rahmatullayev.
Ochilish marosimida Toshkent shahridagi bir qator davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari, Toshkent shahrining “Barkamol avlod” bolalar maktabi o‘quvchilari va Toshkent shahridagi “Svitanak” Belarus milliy madaniy markazi qoshidagi “Vetrik” bolalar teatr-studiyasi jamoasi tomonidan musiqa va raqs dasturlari namoyish etildi.
2 iyunga qadar davom etadigan ko‘rgazmada hakamlar hay’ati tomonidan sara asarlar aniqlanadi. “Eng yaxshi maktabgacha ta’lim muassasasi”, “Eng yaxshi yosh qatnashchi”, “Eng faol ustoz”, “Eng yaxshi qoraqalpog‘istonlik qatnashchi”, “Eng faol viloyat”, “Eng yaxshi mavzuga oid rasm” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarga mukofot va diplomlar topshiriladi.