O‘zbekiston xalq rassomi Ortiq Fayzullayev vafot etdi

O‘zbekistonda barpo etilgan juda ko‘p inshootlarda Ortiq Fayzullayev va ularning shogirdlari ishtirok etishgan.
Sputnik
TOShKENT, 31-may — Sputnik. Bugun O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Ortiq Fayzullayev 90 yoshida vafot etdi.
Ortiq Fayzullayev 1933-yili Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Fayzullayev yoshlikdan rasm chizish va xalq amaliy san’atiga qiziqqan. Bu qiziqish uni 1952-yil P. P. Benkov nomidagi Rassomchilik bilim yurtiga yetakladi. Bilim yurtida u O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Maqsud Qosimovdan yog‘och o‘ymakorligi sirlarini o‘rgandi.
Ortiq Fayzullayev suyak o‘ymakorligi bilan shug‘ullangan yagona usta bo‘lib, suyakdan “Yakkama-yakka”, “Cho‘pon”, “Navoiy haykali” va “Paxta raqsi” nomli asarlar yaratdi.
O‘zbekistonda barpo etilgan juda ko‘p inshootlarda Ortiq Fayzullayev va ularning shogirdlari ishtirok etishgan.
Oliy Majlis binosi, Xotira xiyoboni va undagi “Qatag‘on qurbonlari” muzeyi majmuasi, Ismoil Somoniy maqbarasi, Samarqanddagi Al-Buxoriy maqbara majmuasi, Toshkentdagi Xalqlar do‘stligi (Istiqlol) saroyi, Do‘rmon (hozirda Ko‘ksaroy) qarorgohi, G‘azalkent, Yangioboddagi Madaniyat saroylari, Kislovodskdagi “O‘zbekiston” sanatoriysi, Milliy liboslar galereyasi, “Hazrati Imom” majmuasi, O‘zbekiston xalqaro anjumanlar saroyi (Forum binosi) shular jumlasidan.
Ortiq Fayzullayevning asarlari Rossiya, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Polsha, Turkiya, Belgiya, Latviya, Shvetsiya, Italiya, Kipr, Avstraliya, va boshqa mamlakatlardagi mashhur ko‘rgazmalarga qo‘yilgan. Ijodiy ishlari O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi, O‘zbekiston amaliy san’at muzeyi, O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyi, Moskva va Sankt-Peterburg muzeylarida saqlanadi.