TOShKENT, 31-may — Sputnik. Bog‘chalardagi oliy ma’lumotli tarbiyachilar oyligi o‘qituvchilar oyligiga tenglashtiriladi. Buni nazarda tutuvchi prezidentning PF–79-sonli farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-iyundan bog‘chalardagi oliy ma’lumotli tarbiyachilarning oyligi maktab o‘qituvchilari oyligiga tenglashtiriladi.
Shuningdek, 2023/2024 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich maktablarning 1–4 sinflarida o‘quvchilarga boshlang‘ich, 5–9-sinflarida tayanch hamda 10–11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos o‘quv dasturlari va o‘quv-metodik majmualar joriy etiladi.
Baholashning yangi tartibi joriy etiladi. Bunda o‘quvchining o‘tilgan mavzuni amaliyotda qo‘llay olishi, tanqidiy fikrlash va tahlil ko‘nikmalari baholanadi.
Boshlang‘ich sinflarda informatika, o‘rta sinflarda esa moliyaviy savodxonlik darslari o‘tiladi.
Barcha fanlar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60 foizga yetkaziladi.
Qolaversa, 2024-yil 1-yanvardan maktabga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash joriy etiladi. Bunda 2023/2024 o‘quv yilidan o‘qituvchilar stajor-o‘qituvchi sifatida ishlaydi va 1-yilda sertifikat olishi talab etiladi.
2024 yil 1-yanvardan davlat bog‘cha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi. Bunda malaka toifasi uchun sinovlar 1-yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanadi.