TOShKENT, 30-may — Sputnik. Ozarbayjonda o‘tayotgan taekvondo WT bo‘yicha jahon chempionatida Ulug‘bek Rashitov bronza medal sohibi bo‘lgan bo‘lsa, Madina Mirabzalova ishtirokini kuchli sakkizlikda yakunladi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Bokuda start olgan taekvondo WT bo‘yicha jahon chempionati O‘zbekiston terma jamoasi uchun omadli boshlandi. Ilk kunning o‘zidayoq terma jamoa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
-68 kg vazn toifasida bahs olib borgan Ulug‘bek Rashitov shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. Yarim finalgacha bo‘lgan yo‘lni muvaffaqiyatli bosib o‘tgan sportchi final ostonasida koreyalik Xo-Jun Jinga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
"Bu Rashitov uchun faoliyatida jahon chempionatlaridagi ilk medal hisoblanadi", - deyiladi xabarda.
Madina Mirabzalova (-57 kg) esa jahon chempionatidagi ishtirokini chorak finalda to‘xtatmoqda. Braziliyalik Maria Pachekoga qarshi bahs olib borgan sportchi 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi va kuchli sakkizlikdan joy oldi.