TOShKENT, 30-may - Sputnik. O‘zbekiston Xitoyga uzum hamda parranda go‘shtini eksport qilishni boshlaydi, deya xabar berdi “Dunyo” AA.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidentining 18-19 may kunlari XXR buyurgan davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan Xitoy Bojxona bosh ma’muriyati o‘rtasida ikkita bayonnoma imzolangan.
"O‘zbekistondan Xitoyga uzum eksport qilishda fitosanitar talablar va nazorat to‘g‘risidagi bayonnoma";
"O‘zbekistondan Xitoyga parranda go‘shtini yetkazib berishda karantin va veterinariya-sanitariya talablari to‘g‘risidagi bayonnoma".
Shundan kelib chiqib, mamlakatning XXRdagi elchixonasi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda mahalliy mahsulotlarni Xitoy bozoriga olib kirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
Unga ko‘ra, Xitoy mamlakatga import qilinadigan tovarlar ustidan qattiq nazoratni amalga oshiradi. Import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchilarga mahsulotlarni tekshirish uchun nazorat ostida karantin ruxsatini beradi.
Bayonnomalarda sanitariya, veterinariya va fitosanitariya talablari aniq belgilangan. Xususan, O‘zbekistondan ushbu mamlakatga eksport qilinayotgan uzum va muzlatilgan tovuq oyoqlari XXR import qilinadigan fitosanitariya va veterinariya talablariga, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi va gigiyena standartlariga javob berishi kerak.
Mahsulotlarni eksport qilishga faqat Xitoy fitosanitariya xizmati reyestriga kiritilgan korxonalarga ruxsat etiladi. Bu esa Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklarni himoya qilish agentligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga tegishli.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 18-19 may kunlari Xitoyga buyurgan davlat tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin Qo‘shma bayonot imzoladi. Davlat rahbarlari 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan strategik sheriklikni rivojlantirish dasturini qabul qildi. Shuningdek, yetakchilar huzurida 41 ta hujjat imzolandi.