TOShKENT, 30-may — Sputnik. Banknotlar, qimmatli qog‘ozlar va boshqa hujjatlar uchun himoya xususiyatlari oshirilgan tabiiy ipak tolalari qo‘shilgan qog‘oz tayyorlash texnologiyasi dunyoda ilk bor O‘zbekistonda ishlab chiqildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Adliya vazirligi “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti mutaxassislari o‘zaro hamkorligida innovatsiyaviy usulda tabiiy ipak tolalari qo‘shilgan himoyalangan qog‘ozlarni tayyorlash bo‘yicha izlanishlariga patent berdi.
“Mazkur ixtiro tufayli himoya elementlari tarkibiga tabiiy ipak tolalari qo‘shilgan qimmatbaho qog‘ozni boshqa turdagi qog‘ozlardan ajratish imkoniyati paydo bo‘ladi”, - deyilgan xabarda.
Qog‘oz tayyorlash jarayonida tabiiy ipak tolalar qog‘oz massasiga qo‘shiladi va so‘ngra unga fluoressent eritmasi shimdiriladi. Ultra binafsha nurlar bilan yoritilganda ipak oqsili kuchaytirilgan to‘q rangga kiradi va shu yo‘sinda qog‘oz qalbakilashtirishdan himoyalanadi. Bir xil qalinlikdagi tabiiy ipakning qog‘oz tarkibiga qo‘shilishi natijasida uning mustahkamligi bir necha baravar oshadi.
Qayd etilishicha, mazkur ixtiro ipak tolasi qo‘shilgan qog‘oz tayyorlash texnologiyasi dunyoda banknotlar, himoyalangan hujjatlar va qog‘ozlar ishlab chiqarishda peshqadam hisoblangan xorijiy kompaniyalar mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otgan.