O‘zbekistonda necha foiz xotin-qiz o‘zini baxtli deb hisoblaydi — so‘rovnoma

O‘zbekistonning 6 ta hududida 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan 819 nafar xotin-qiz o‘rtasida sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 30-may — Sputnik. O‘zbekistonda xotin-qizlarning 85 foizi o‘zini ko‘tarinki kayfiyatda va baxtli deb hisoblaydi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti axborot xizmati rahbari Manija Bahriyeva ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, xotin-qizlar oilaviy qadriyatlarining shakllanishida oilaviy muhit va undagi tarbiya (81foiz), ota-onaning sulolaviy shaxsiy o‘rnagi (61 foiz) hamda o‘z hayotiy tajribasi muhim o‘rin egallashini bildirgan.
Shuningdek, ular o‘zlari uchun ayol baxtining asosini oilalarning tinchligi, farovonligi, mustahkamligi, farzandlarning borligi, oiladagi samimiy munosabatlarda va yaqin insonlarning o‘zaro g‘amxo‘rligida, deb hisoblaydi.
Qishloq hududlarida yashovchi aksariyat xotin-qizlar o‘zlarini, eng avvalo, ona (40,9 foiz) va rafiqa (27,3 foiz) sifatida baholaydi.
Tadqiqot davomida ishtirokchilarning 80,4 foizi nikohga o‘z xohishiga ko‘ra rozi bo‘lgani qayd etildi. Shu bilan birga, 13,2 foiz holatda oila kattalarning kelishuvi, sovchilar orqali qurilgani ma’lum bo‘ldi.

“Tadqiqotda qatnashgan har ikkinchi respondent oilaviy ajrimlarga mutlaqo qarshi. Ularning aksariyati oilaviy munosabatlardagi beqarorlik, salomatlikdagi jiddiy muammolar hamda oiladagi zo‘ravonliklar tufayli ajralishlar bo‘lish ehtimolini inkor etishmadi”, - deydi Bahriyeva.

Respondentlar quyidagilar tufayli ajrim holatlari yuzaga kelishini e’tirof etishgan:
xiyonat (43,6 foiz);
farzandsizlik (26,1 foiz);
juftlik xarakterining mos tushmasligi -20 foiz;
oiladagi janjallar -21,3 foiz;
turmush o‘rtog‘ining ruhiy jihatdan nosog‘lomligi -22,1 foiz;
boshqa og‘ir xastaliklar -10,9 foiz.
Aksariyat xotin-qizlar uchun oilani asrab qolish maqsadi ishlash va kasbiy o‘sishdan ko‘ra muhimroq ahamiyatga ega bo‘lsa-da, har oltinchi respondent (14 foiz) uchun ish faoliyati juda qadrli hisoblanadi. Bu toifadagi ayollar ish faoliyati oilasining butunligi va tinchligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan taqdirda ham o‘z ishidan voz kechishga tayyor emasligini aytib o‘tishgan.
So‘rovnomada ishtirok etgan xotin-qizlarning 68,3 foiz inson salomatligining qadrini ustun qo‘yishsa-da, amalda 16 foiz respondent uni birinchi o‘ringa qo‘ymasligi aniqlandi.