Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

Putin Moskvaga uyushtirilgan dronlar hujumiga izoh berdi

Moskva tomon uchirilgan 8ta dronning beshtasi "Pansir-S" tomonidan urib tushirilgan, uchtasi REK vositalari yordamida mo‘ljaldan chetlatilgan.
Sputnik
TOShKENT, 30-may – Sputnik. Ukraina uchuvchisiz apparatlar bilan 30-may erta tongda Moskva va Moskva viloyatidagi tinch aholi turar joy binolariga hujum uyushtirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kiyevning ushbu terorchilik hujumini Rossiya harbiylarining yaqinda Ukraina qaror qabul qilish markazlariga bergan zarbasiga javob deb tushunish kerakligini ta’kidladi.
"Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina hududi bo‘ylab uzoq masofali aniq zarba beruvchi qurollar yordamida zarbalar bermoqda. Zarbalar aynan harbiy infratuzilma obyektlari, o‘q-dori va yoqilg‘i omborlariga berilmoqda. Yaqinda biz Ukraina harbiy razvedkasi shtabiga zarba bergan edik. Bunga javoban esa Kiyev rejimi boshqacha yo‘l tanladi. Ular Rossiyani va uning aholisini qo‘rqitmoqchi bo‘lishdi va tinch aholi turar joylariga zarba berishdi. Buni faqat terrorchilik deyish mumkin", - dedi Putin.
Shuningdek, Rossiya prezidenti Moskva havo mudofaa tizimi keraklidek ishlaganini, lekin uni yanada zichlashtirish kerakligini ta’kidladi.
"Biz bu kabi muammo bilan Suriyadagi Xmeymim aerodromda duch kelganmiz, lekin Moskva unga nisbatan bir necha barobar katta. Lekin biz nima qilish kerakligini bilamiz, mudofaa tizimi zichlashtiriladi", - dedi prezident.
Undan tashqari Vladimir Putin Kiyev rejimi ushbu bilan Rossiyaning javob zarbasi berishga undamoqchi bo‘lgani, provokatsiya qilayotganidan hayron bo‘lganini aytdi.

"Ular bizni xuddi shunday javob zarbasi berishga majburlashmoqchi bo‘lishdi. Biz qanday yo‘l tutishni o‘ylab ko‘ramiz, lekin Ukraina fuqarolari ularning bugungi davlat rahbarlari bizni nimaga undayotganidan xabardor bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, ular yana boshqa xavflardan ham ogoh bo‘lishlari kerak, masalan, Zaporojye AESi faoliyatini buzishga urinish, iflos moslamalardan (iflos bomba - tahr.) foydalanishga urinishlar bo‘layotganidan. Biz ularning boshida qanday fikrlar borligini bilamiz", — dedi Rossiya prezidenti.

Biroz oldin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Moskvaga dronlar hujumi haqida quyidagilarni ma’lum qilgan edi:
"Bugun ertalab Kiyev rejimi Moskva viloyatida terakt uyushtirdi. Shuni ta’kidlashni istardimki, bu tinch aholiga qarshi qaratilgan zarba edi. Unga sakkizta samolyot tipidagi uchuvchisiz uchish apparatlari jalb qilingan. Ularning barchasi zarbaga uchragan", - deydi Rossiya mudofaa vazirligi rahbari.

Shoyguning aytishiga ko‘ra, Moskva tomon uchirilgan 8 ta dronning 5 tasi Moskva viloyati hududida "Pansir-S" zenit-raketa tizimi tomonidan urib tushirilgan va yana 3 tasi elektron kurash vositalari orqali bostirilgani tufayli boshqaruvni yo‘qotib, mo‘ljallangan nishondan chetga ketgan.

Eslatib o‘tamiz, qulagan dronlar Moskva janubi-g‘arbidagi Lenin xiyonboni va Profsoyuznaya ko‘chasi bo‘ylab turar-joy binolariga zarar yetkazgan. Yana bir dron Yangi Moskvadagi Atlasov ko‘chasi pastidagi uyga borib tushdi. Poytaxt meri Sergey Sobaninning so‘zlariga ko‘ra, ikki kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan, ular kasalxonaga yotqizishga muhtoj bo‘lmagan.