TOShKENT, 30-may — Sputnik.Toshkent shahrida O‘zbekiston Ekologik partiyasining navbatdan tashqari IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda Abdushukur Hamzayev partiyadan prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi.
Partiya 11-may kuni Abdushukur Hamzayevni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatgandi. Keyin partiya prezident saylovida ishtirok etishga ijozat so‘rab, Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarni topshirdi va unda ishtirok etish uchun ijozat oldi.
Qurultoyda prezidentlikka nomzod Hamzayev o‘zining saylovoldi dasturi asosiy yo‘nalishlarini delegatlar e’tiboriga havola qildi.
Nomzodning saylovoldi dasturida mamlakatda iqtisodiyotni isloh qilishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Xususan, pestitsidlardan foydalanishdan voz kechishga yo‘naltirilgan “Yashil O‘zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqish, “Yashil viza” dasturini joriy etish, tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish, yuk tashishni yirik mashinalardan temir yo‘llarga o‘zgartirishga qaratilgan choralar alohida e’tirof etildi.
Ijtimoiy sohada davlat stomatologik klinikalarini rivojlantirish, shaharlar Bosh rejalarini tuzishda kamida 30 foizli yashil maydonlar yaratish talabini mustahkamlash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ hujjatlarni qabul qilishda atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish, bir martalik ishlatiladigan plastik va poliyetilen tarkibli idishlardan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechish, elektron sigaretlarni mamlakatga olib kirishni taqiqlash, 2030-yildan boshlab mamlakatda ichki yonuv dvigatelli yengil avtomobillarni sotishni hamda chetda olib kirishni taqiqlash kabi e’tiborga molik tashabbuslar ilgari surildi.
Dastur muhokamasi jarayonida, shuningdek, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq sohasini isloh qilishga qaratilgan takliflarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, ekologik qonunchilikni kodifikatsiya qilish orqali Ekologiya, Suv, O‘rmon kodekslarni qabul qilish, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonunni hamda “Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish to‘g‘risida”gi dasturni qabul qilish, ekologik sug‘urtalash tizimini rivojlantirish, malakali yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ekolog-huquqshunoslarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, barcha tizimdagi davlat idoralari faoliyatida, tenderlarda, davlat xaridlarida ochiqlik va shaffoflikni kengaytirish choralarini kuchaytirish, ma’muriy organlar tomonidan jarima qo‘llashni qisqartirib, sudlarga kengroq vakolat berish, yo‘l harakati xavfsizligini faqat qonun asosida tartibga solishni yo‘lga qo‘yish va boshqalar.
Davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi takliflar. Davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish strategiyasi“ni qabul qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish istiqbollarini belgilashga qaratilgan “Yashil energetika strategiyasi”ni qabul qilish, suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirishga qaratilgan Milliy dasturni ishlab chiqish, qator xalqaro hujjatlarga a’zo bo‘lish kabi takliflar shular jumlasidandir.
Syezd delegatlari Abdushukur Hamzayev nomzodi va uning saylovoldi dasturini bir ovozdan ma’qullashdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq XDPdan Ulug‘bek Inoyatov, “Adolat” SDPdan esa Robaxon Mahmudova O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqlangani xabar qilingan edi.
O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.