TOShKENT, 29-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-may kuni Misrning “Orascom Investment Holding” kompaniyasi raisi Najib Savirisni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari mabuot xizmati xabar berdi.
Misrning yetakchi investitsiya-sanoat korporatsiyasi rahbari oliy darajadagi kelishuvlar doirasida O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
“Uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekistonda qo‘shma “yo‘l xaritasi” doirasida qiymati 1,2 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi rejalari ko‘rib chiqildi”, - deyilgan xabarda.
Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish va metall konlarini o‘zlashtirish, zamonaviy mehmonxona majmualarini barpo etish va boshqarish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.