TOShKENT, 29-may — Sputnik. Malayziyaning “Batik Air” aviakompaniyasi Kuala-Lumpur va Toshkent shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda “The New Straits Times” gazetasi xabar berdi, deya yozadi “Dunyo” AA.
“Batik Air” (sobiq “Malindo Air”) loukoster aviakompaniyasining strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Chandran Rama Muti ushbu aviatashuvchi Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasida haftasiga uch marta aviaqatnovlar amalga oshirish rejalashtirilayotgani, birinchi reys shu yilning noyabr yoki dekabr oylarida boshlanishini ma’lum qilgan. Aviakompaniya hozir parvozlarni boshlash uchun ruxsat berilishini kutmoqda.
“Toshkent Qozog‘istonning Olmaota shahri bilan solishtirganda kattaroq bozor. Biz hali Toshkent xalqaro aeroporti bilan muzokaralar olib borapmiz. Toshkent xalqaro aeroporti O‘zbekistondagi eng yirik xalqaro aeroport bo‘lib, 2019-yilda yo‘lovchi tashish hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyo aeroportlari ichida uchinchi o‘rinni egallagan”, - degan u.
Malayziyaning “Malaysia Airlines” aviakompaniyasi Kuala-Lumpur — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni tiklayotgani xabar qilingan edi.