O‘zbekiston prezidenti saylovi — 2023

“Adolat” SDP O‘zbekiston prezidentligiga nomzod va uning saylovoldi dasturini tasdiqladi

Nomzod dasturidan inson huquqlarini ta’minlash uchun yangi imkoniyatlar yaratish, qonunlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan mexanizmlar bilan qabul qilish kabi ustuvor vazifalar o‘rin olgan.
Sputnik
TOShKENT, 29-may — Sputnik. O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining navbatdan tashqari qurultoyida Robaxon Mahmudovani prezidentlikka partiyadan nomzod sifatida ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, qurultoyda nomzodning 9-iyul kuni bo‘lajak muddatidan oldingi prezident saylovdagi dasturi tasdiqlandi.
Partiya 12-may kuni Robaxon Mahmudovani prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatgandi. Keyin partiya prezident saylovida ishtirok etishga ijozat so‘rab, Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarni topshirdi va unda ishtirok etish uchun ijozat oldi.

"Nomzod saylovoldi dasturida Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida huquqiy demokratik, ijtimoiy davlat va barcha uchun farovonlik ta’minlangan adolatli fuqarolik jamiyati qurishning sotsial-demokratik modelini taklif etdi", - deyilgan xabarda.

Dasturda, xususan, inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari davlat va jamiyatning eng yuksak qadriyatlari ekanligi tan olinib, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida har bir insonning farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, O‘zbekistonning erkinlik, imkoniyatlar tengligi, adolatlilik, birdamlik, ijtimoiy himoya va mas’uliyat tamoyillari hukmronlik qiladigan, insonlarning keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan kuchli ijtimoiy davlat sifatida, aholining yuqori turmush darajasiga ega rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga erishish kabi vazifa va maqsadlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Bundan tashqari, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligi haqidagi konstitutsiyaviy prinsip davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligi ta’kidlanib, xalq hokimiyatining yorqin timsoli bo‘lmish vakillik demokratiyasi institutining roli va ahamiyatini yanada oshirish, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlash, jamiyatning innovatsion, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish va inson kapitalini rivojlantirish, har bir inson farovonligining garovi bo‘lmish tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar totuvligi, millatlararo va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash, har tomonlama muvozanatli, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat olib borish masalalari ko‘zda tutilgan.
Robaxon Mahmudovaning saylovoldi dasturi o‘nta yo‘nalishdan iborat bo‘lib, huquqiy davlat qurish, ijtimoiy adolatni qaror toptirish, milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash, ilm-fan, innovatsiyalar va ta’lim sohasining barqaror rivojini kafolatlash, aholi salomatligini kuchaytirish, jamiyat barqaror rivojlanishini ta’minlash, ekologiya va atrof-muhitga e’tiborni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati, ayol va oilaning jamiyatdagi o‘rnini kuchaytirish, yuksak ma’naviyatli jamiyat barpo etish, tinchliksevar, adolatli va progressiv tashqi siyosat olib borish kabi vazifalar shular jumlasidandir.
Shuningdek, nomzod dasturidan inson huquqlarini ta’minlash uchun yangi imkoniyatlar yaratish, qonunlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan mexanizmlar bilan qabul qilish kabi ustuvor vazifalar o‘rin olgan.
Nomzod saylovoldi dasturida fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va bu yo‘nalishda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ijtimoiy davlat – 2030” dasturini ishlab chiqish, shuningdek, “Tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilish zarurati kabi takliflarni ilgari surdi.
Nomzod dasturida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham bugungi kunda e’tibor qaratish kerak bo‘lgan yo‘nalishlar xususida takliflar ilgari surildi. Jumladan, ishlab chiqarishni ilmiy asosda tashkil etish, fan va amaliyotning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash, yaqin kelajakda O‘zbekistonning agrar sohadagi ulkan imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, qishloq iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, sohani sug‘urtalashning yangi mexanizmlarini amalga oshirish hamda huquqiy asoslarini takomillashtirish, jumladan "Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilish kabi bir qator takliflarini berdi.
Sanoat ishlab chiqarish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, yo‘lsozlik sohasida bajarilayotgan ishlarning sifati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu sohada ilmiy tadqiqotlar yutuqlaridan keng foydalanish hamda olimlarni rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar ham nomzodning dasturidan o‘rin olgan.
Nomzod o‘z saylovoldi dasturida “Raqamli iqtisodiyotda aholi bandligini ta’minlash konsepsiyasi – 2030” dasturini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish zarur deb hisoblashini qayd etib o‘tdi.
Mahmudova “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risida” qonun qabul qilish va davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining shaffofligini ta’minlash, bunda barcha jarayonlarni raqamlashtirish kerak deb hisoblaydi.