O‘zbekistonda imtihonsiz talaba bo‘lish yo‘llari va hujjat topshirish shartlari qanday?

Yangi o‘quv yili uchun abituriyentlar imtihonsiz grant va bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talaba bo‘lish imtiyozlaridan foydalanishlari mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 28-may — Sputnik. Bu yil oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiruvchi abituriyentlar uchun 41 ta imtiyoz beriladi. Ulardan kimlar foydalanishi mumkinligi haqida Davlat OTMlariga kirish uchun berilgan imtiyozlarning yagona reyestrida keltirilgan.
OTMga grant asosida o‘qishga kirishning 15 ta imtiyozi haqida Telegram-kanalimizda tanishing. Obuna bo‘ling va yangiliklarni kuzatib boring.
Bu yilgi qabul uchun abituriyentlarning hujjat topshirish jarayoni 20-iyundan 20-iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Kasbiy ijodiy imtihon topshiruvchi abituriyentlar esa 10-iyulgacha hujjatini topshirib bo‘lishi kerak. Quyida talabalikka tavsiya etiladigan imtiyozlarning ayrimlarini keltirib o‘tamiz.
Quyidagilar imtihonsiz bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi:
Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek hamda Muhammad al Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning bitiruvchilari (kimyo, biologiya, fizika, va axborot texnologiyalari sohalari uchun);
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablari bitiruvchilari ( tilshunoslik, adabiyot, pedagogika, tarjimonlik, jurnalistika sohalari uchun);
Zakovat intellektual o‘yini va boshqa intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib bo‘lganlar (1-3 o‘rinlar);
Ichki ishlar organlarida uch yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan profilaktika inspektorlari (sirtqi ta’lim).
Quyidagilar tegishli fan bo‘yicha ozod etilib, ma’lum ball berish uchun imtiyozlar beriladi:
Asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1-3 o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar (sertifikat 3-yil muddatga beriladi);
Milliy yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari V2 va undan yuqori bo‘lgan sertifikatga ega abituriyentlar;
O‘zbekistonning musiqa, raqs, teatr, folklor, tasviriy va amaliy san’at, dizayn yo‘nalishlardagi respublika tanlovi (1-o‘rin), xalqaro tanlovlar (1-3 o‘rin) g‘oliblari;
“Bolalar sport o‘yinlari”ning jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha respublika bosqichi g‘oliblari(1-o‘rin);
Tegishli umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan va yuqori ballning 60 foizidan 85 foizigacha to‘plagan abituriyentlar.
Quyidagilarga to‘plagan ballga nisbatan qo‘shimcha ball beriladi:
“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari;
Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyi bitiruvchilari.
Quyidagilarga qo‘shimcha kvota doirasida tanlovda ishtirok etish bo‘yicha imtiyozlar beriladi:
Navoiy, Buxoro, Samarqand viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovlari natijalari bo‘yicha 68 va undan yuqori balga ega bo‘lgan Navoiy viloyatining cho‘l tumanlari (Konimex, Tomdi, Uchquduq)da kamida 3-yildan beri yashab kelayotganlar;
Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega bo‘lganlar;
Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lganlar;
Davlat organlari va tashkilotlarida mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar( Oila va xotin qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan tavsiyanoma olganlar);
Surxondaryo viloyatidagi pedogogika va tibbiyot yo‘nalishlaridagi oliy ta’lim muassasalari;
Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralrining xizmatdagi ofitserlari, kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarning farzandlari;
Milliy gvardiyaning xizmatdagi harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining farzandlari;
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda munosib hissa qo‘shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlari;
Bojxona organlarining xizmatdagi ofitserlari va serjantlar tarkibi xodimlarining farzandlari;
Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar, SOS -bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan yetim bolalar;
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga.
Qo‘shimcha imtiyozlar:
Adliya vazirligi yuridik texnikumlari "yurisprudensiya" mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlashni amalga oshiruvchi davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga test sinovlarisiz yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali qabul qilinadi;
Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali qabul qilinadi;
Qoraqalpog‘iston respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyasiga ko‘ra oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilari davlat granti asosida sirtqi ta’lim shakliga suhbat asosida qabul qilinadi.
OTMga o‘qishga topshirishda qanday hujjatlar kerak bo‘ladi?
Qonunchilikka ko‘ra, imtiyozga ega abituriyentlar, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va pasport yoshiga yetmaganlar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etadi.
Abituriyent o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, Markaz xodimi abituriyent nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda so‘rovnoma bo‘yicha ma’lumotlarni Davlat test markazining tizimiga maxsus dastur orqali elektron ravishda kiritadi.
Abituriyent quyidagi hujjatlarning asl nusxasini taqdim etadi:
fuqarolik pasporti;
pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat (ilovasi bilan);
Prezidentning hamda Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan tartibda imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat.
Hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan so‘ng so‘rovnomaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish qat’iyan man etiladi.
Abituriyent 2023: onlayn hujjat topshirish tartibi qanday — yo‘riqnoma
Abituriyentdan qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.