Xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi

1 oktabrdan B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega fuqarolarga xarajatlarining 100 foiz qismini qoplash tizimi joriy etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 26-may — Sputnik. O‘zbekiston B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega fuqarolarga xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Bu prezident 24-may kuni imzolagan raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirishga qaratilgan qonunda belgilangan.
“Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichi sifatida xorijiy nufuzli ta’lim platformalarida IT-yo‘nalishdagi onlayn o‘quv kurslarda tahsil olish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.
2023 yil 1-oktabrdan B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega fuqarolar tomonidan tegishli yo‘nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 foiz qismini qoplash tizimi joriy etiladi.
Bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi IT-park rezidenti bo‘lgan kompaniyalarga ishga joylashgan nodavlat o‘quv markazlariga har bir bitiruvchi uchun BHMning 75 baravarigacha, nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi.