O‘zbekiston prezidenti saylovi — 2023

Rossiya O‘zbekistonda o‘tadigan prezident sayloviga kuzatuvchilar yuborishga tayyor — Matviyenko

Rossiya o‘z hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ovoz berishda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash uchun har tomonlama yordam beradi.
Sputnik
TOShKENT, 26-may — Sputnik. Rossiya O‘zbekistonda o‘tadigan prezident sayloviga kuzatuvchilar yuborishga tayyor. Bu haqda Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko ma’lum qildi.
O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Narbayeva Rossiyada o‘tkazilayotgan 10-Nevskiy xalqaro ekologik kongressi doirasida Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashdi.

"Prezident kampaniyasini kuzatishda parlament a’zolarining ishtirok etishida manfaatdorlik bo‘lsa, biz o‘z vakillarimizni yuborishdan mamnun bo‘lamiz va har doimgidek, ovoz berish jarayoniga professional, vijdonan, halol baho beramiz”, - deydi Matviyenko.

Uchrashuv chog‘ida Valentina Matviyenko O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlari yuqori saviyada o‘tishiga ishonch bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘z hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ovoz berishda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash uchun an’anaviy tarzda har tomonlama yordam beradi.
“Hozir Rossiyada istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolariga o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, ovoz berishda ishtirok etishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga va’da beraman”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi 2023-yil 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Avvalroq Ekopartiya o‘z yetakchisi Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasi Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasi Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) Shavkat Mirziyoyev nomzodini ilgari surgan edi. MSK O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari prezident saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalarning vakolatli vakillarini ro‘yxatga olgan.