DXMlarda “Raqamli xizmat nuqta”lari tashkil etiladi

Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanish bosqichlari “3 qadam” tamoyili asosida maqbullashtiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 26-may — Sputnik. Prezident 24-may kuni “Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmonga ko‘ra, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali raqamli xizmatlar va servislar ko‘rsatish hamda ularning natijasini olishning yagona nuqtasi hisoblanadi.
Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanish bosqichlari “3 qadam” tamoyili asosida maqbullashtiriladi.
2023 yil 1-dekabrgacha fuqarolar raqamli xizmatlardan mustaqil foydalanishlari uchun davlat xizmatlari markazlarida birinchi bosqichda 14 ta “Raqamli xizmat nuqta”lari tashkil etiladi.
2024 yil 1-yanvargacha raqamli xizmat va servislar, elektron to‘lovlar, media resurslar imkoniyatini birlashtirishni nazarda tutuvchi Yagona portal orqali xizmatlarni taqdim etishning yangi dasturiy ta’minot shakli joriy etiladi.
2023 yil 1-sentabrdan ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari “edo.ijro.uz” tizimiga o‘tkaziladi.
2024 yil 1-maydan ijro etuvchi hokimiyatning hududiy bo‘linmalari va ular tasarrufidagi tashkilotlar “edo.ijro.uz” tizimiga to‘liq o‘tkaziladi.
2023 yil 1-avgustdan davlat organlarida raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir loyihalarni amalga oshirish hisobiga iqtisod qilingan mablag‘larning 50 foizi kelgusi moliya yilida mazkur davlat organlari faoliyatida raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, 2023-yilda mobil internet foydalanuvchilari sonini oshirish choralari ko‘riladi. Bunda ular sonini 31,5 mln nafarga yetkazish nazarda tutilgan.