TOShKENT, 26-may — Sputnik. O‘zgidromet dam olish kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.
Juma va dam olish kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida kam bulutli va quruq ob-havo saqlanib turadi. Faqat Toshkent viloyatining ayrim tog‘li hududlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida bugun va ertaga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Respublikaning shimolida va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
26 may kuni kunduzi havo harorati +28…+33 daraja, shimolda va cho‘l hududlarda 35 darajagacha, janubda 37 darajagacha atrofida bo‘ladi. Dam olish kunlari havo harorati sekin ko‘tariladi va +32…+35, shimolda va cho‘l hududlarda +35…+37 darajani tashkil etadi. Bunday harorat foni may oyi oxiri uchun bo‘lgan meyoriy qiymatlarga yaqindir.
Poytaxtda 26-28 may kunlari havo ochiq bo‘ladi. Sharqiy yo‘nalishdagi shamol birozdan o‘rtachagacha esadi. Havo harorati kechalari +16…+18, kunduz kunlari +30…+33 daraja bo‘ladi.