TOShKENT, 25-may — Sputnik. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) 9-may oldidan Ukraina Tashqi razvedka xizmatining ikkita atom elektr stansiyasiga nisbatan qo‘poruvchilik harakatlarining oldini oldi. Bu haqda Rossiya FXX matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ukrainaning qo‘poruvchi terrorchi guruhi Leningrad va Kalinin (Leningrad va Tver viloyatlarida joylashgan) AESlarining 30 dan ziyod yuqori voltli elektr uzatish tarmoqlari tayanchini portlatishga uringan.
Qo‘poruvchilar yadro reaktorining to‘xtab qolishi va AESlarning odatiy ish rejimi buzilishiga erishmoqchi bo‘lishgan, ularning fikricha, bu Rossiyaga “jiddiy iqtisodiy zarar keltirgan bo‘lardi”.
FXX ma’lumotlariga qaraganda, terrorchilar Leningrad AESning bitta elektr uzatish tarmog‘ini portlatish va to‘rttasini minalashtirishga muvaffaq bo‘lishgan. Kalinin AESning yettita elektr uzatish tarmog‘i ostida qo‘lbola portlovchi moddalarni qo‘yishgan.
Qo‘poruvchi guruh
“Federal xavfsizlik xizmati organlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar natijasida qo‘poruvchi terrorchi guruh a’zolari Ukraina fuqarolari 1978-yilda tug‘ilgan Maystruk Aleksandr (laqabi Mexanik) va 1974-yilda tug‘ilgan Usatenko Eduard (laqabi Maks) qo‘lga olindi, 1963-yilda tug‘ilgan va hozir Belgiyada bo‘lgan Ukraina va Rossiya fuqarosi Kishak Yuriy (laqabi YuBK) qidiruvga berildi”, - deyilgan xabarda.
FXX xabariga ko‘ra, ularni 2022-yil sentabrida Ukraina Tashqi razvedka xodimi Vitaliy Gorbatuk yollagan.
Qo‘poruvchilar Kiyev va Nikolayev viloyatlarida joylashgan lagerlarda maxsus tayyorgarlikdan o‘tishgan.
Qo‘lga olinganlar Ukraina razvedkasi bilan hamkorlik qilishganini tan olishgan va o‘z aybiga iqror bo‘luvchi ko‘rsatmalarni berishmoqda.
Qo‘poruvchi terrorchi guruhga nisbatan Rossiya JKning tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Qo‘lga olingan guruh a’zolari hibsda.