TOShKENT, 25-may – Sputnik. O‘zbekiston YeOII hamkorligi barqaror rivojlanib bormoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida.
"2022 yilda O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga ko‘paydi. Barqaror o‘sish sur’ati joriy yilda ham kuzatilmoqda", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident O‘zbekiston kuzatuvchi davlat sifatida YeOII doirasidagi tadbirlarda faol ishtirok etayotganini qayd etdi:
Xususan, savdo munosabatlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar shakllantirish, yangi o‘sish nuqtalari va imkoniyatlarni birgalikda izlash, sanoat kooperatsiyasi sohasida qo‘shma loyihalar ishga tushirish.
Shuningdek, ishbilarmonlar muloqotini rag‘batlantirish uchun samarali platformalar, jumladan Toshkentda uchinchi bor muvaffaqiyatli o‘tkazilgan va an’anaviy tus olgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ham aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan konstruktiv hamkorlik yo‘lga qo‘yildi: 3-yillik reja doirasida qonunchilikni uyg‘unlashtirish, iqtisodiyotni tartibga solish tajribasi bilan almashish, savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalarida to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha 200 dan ziyod tadbir o‘tkazildi.
Undan tashqari, O‘zbekiston savdo tartibotlarini soddalashtirish bo‘yicha hamda transport, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va turizm sohalaridagi alohida dasturlar va tarmoq loyihalarida ishtirok etmoqda.
"Global xavf-xatarlar, transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat taqchilligi va energetik xavfsizlik tahdidlari va boshqa muammolar kuchayib borayotgani mamlakatlarimiz barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining birinchi galdagi vazifalarini hal etish uchun yaqin hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda", – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston prezidenti hamkorlikni yanada yaqinlashtirishi mumkin sohalarni sanab o‘tdi:
1.
Texnik to‘siqlarni bartaraf etish va sertifikatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimning qabul qilinishi bunga xizmat qiladi.2.
Bojxona ma’muriyatchiligi, sanitar, fitosanitar va veterinar nazorat hamda tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron platformalari va onlayn tizimlarini integratsiya qilish.3.
Yevroosiyo makonida yangi ish o‘rinlar yaratish, industrial xabalar tashkil qilish va sanoat kooperatsiyasi rivojlantirish ham muhim."Yevroosiyo makonida yangi ish o‘rinlarini yaratish va industrial xablarni shakllantirishning muhim omili sifatida sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rilishi lozim, deb hisoblaymiz", – dedi Mirziyoyev.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi 2015-yil 1-yanvardan faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro iqtisodiy birlashmadir. Ittifoqqa Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zodir. Moldova 2018-yil may oyidan YeOIIda kuzatuvchi maqomiga ega. O‘zbekiston 2020-yilda YeOIIda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan edi.