“O‘zbekiston – Singapur” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Biznes-forumda O‘zbekiston va Singapur ishbilarmon doiralarini qiziqtirgan qator yo‘nalishlar bo‘yicha mustahkam investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.
Sputnik
TOShKENT, 25-may — Sputnik. Kecha, 24-may kuni Toshkentda “O‘zbekiston – Singapur” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, uning asosiy maqsadi ishtirokchilarning mamlakatlar milliy iqtisodiyotlarining raqobatdosh ustunliklar va drayverlari haqida xabardorligini oshirish, shuningdek, ikki davlat hukumati va ishbilarmon doiralari o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iborat bo‘ldi.
Biznes-forumda Singapur prezidenti Halima Yaqub, O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari, yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Jamshid Xodjayev O‘zbekiston bilan Singapur o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanishining ijobiy dinamikasini yuqori baholadi. U, shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 17-yanvardagi Singapurga tarixiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarning yangi sahifasini ochib, hamkorlik rivojlanishiga katta turtki berganligi, hamda uning natijalari bo‘yicha 3,8 milliard dollarlik investitsiya loyihalari portfeli shakllanganligini qayd etdi.
Singapur va O‘zbekiston o‘rtasidagi tashqi savdo munosabatlari ham izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Biznes-forumda O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan bir qator vazifalar haqida so‘z bordi.
O‘z navbatida, Singapur prezidenti Halima Yaqub sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasidagi sheriklik ustuvor ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Singapur prezidenti oliy darajadagi o‘zaro tashriflar natijalarini yuqori baholab, muhim yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiqligini bildirdi.
Tadbir doirasida ta’lim, transport, shaharsozlik va moliyaviy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan panel munozaralari ham bo‘lib o‘tdi.
V Tashkente sostoyalsya biznes-forum "Uzbekistan – Singapur"
Biznes-forum yakunida O‘zbekiston va Singapur ishbilarmon doiralarini qiziqtirgan qator yo‘nalishlar bo‘yicha mustahkam investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.
Halima Yaqub O‘zbekiston yetakchisining taklifiga binoan davlat tashrifi bilan mamlakatda bo‘lib turibdi.