TOShKENT, 25-may – Sputnik. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlarini O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘lini qurish tashabbusida ishtirok etishga taklif qildi.
U Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida videoaloqa orqali chiqish qilar ekan, transafg‘on temir yo‘li loyihasi haqida gapirdi.
“Hozirgi voqelikda muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish va barqaror ta’minot zanjirlarini yaratish bo‘yicha qo‘shma ishlarni kuchaytirish muhim... Biz sizni O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l qurilishi bo‘yicha loyiha ofisining ishiga qo‘shilishga taklif qilamiz", - dedi prezident.
Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘li qurilishi uch davlat rahbariyati tomonidan 2021-yil fevral oyida imzolangan edi. Loyihani amalga oshirish uchun taxminan besh yil vaqt ketishi kutilmoqda. Bu yo‘l O‘zbekistonga Eron va Pokiston portlariga chiqish imkonini beradi.
Mirziyoyev o‘z nutqida ittifoq mamlakatlari bilan sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish choralarini ham ko‘rishga chaqirdi.
“Biz Yevroosiyo makonida yangi ish o‘rinlari yaratish va sanoat markazlarini shakllantirishning muhim omili sifatida sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishni muhim deb bilamiz", – dedi O‘zbekiston rahbari.
U assotsiatsiyaga a’zo mamlakatlarni O‘zbekistonda YeOII+ formatida agrar forum o‘tkazish va unga oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi mamlakatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarini taklif qilishni taklif qildi.
Mirziyoyev, shuningdek, O‘zbekiston YeOII mamlakatlari bilan milliy valyutalarda hisob-kitoblarni rivojlantirish va tovar ayirboshlashni oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirayotganiga ishontirdi.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi 2015-yil 1-yanvardan faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro iqtisodiy birlashmadir. Ittifoqqa Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zodir. Moldova 2018-yil may oyidan YeOIIda kuzatuvchi maqomiga ega. O‘zbekiston 2020-yilda YeOIIda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ldi.