YeOII ko‘p qutbli dunyo markazlaridan biriga aylanmoqda – Putin

Rossiya rahbari YeOII mamlakatlari hamkorligi o‘zaro manfaat tamoyillari asosida, bir-biri manfaatlarini inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 25-may — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) shakllanayotgan ko‘p qutbli dunyo markazlaridan biriga aylanmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi.
“YeOII doirasidagi hamkorlik mustahkamlanishda davom etayotganini mamniyat bilan qayd etaman, va bizning birlashma shakllanayotgan ko‘p qutbli dunyoning mustaqil va o‘ziga yetarli markazlaridan biri sifatida izchil qaror topmoqda”, - dedi Putin YeOIIning kengaytirilgan yig‘ilishida.
Rossiya rahbari YeOII mamlakatlari hamkorligi o‘zaro manfaat tamoyillari asosida, bir-birini manfaatlarini inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. Ittifoqqa a’zo barcha mamlakatlarning barqaror iqtisodiy o‘sishi va aholisining farovonligi oshishiga e’tibor qaratilmoqda.
Moskvada Rossiya rahbari Vladimir Putin rahbarligida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda ittifoqqa a’zo davlatlar, xususan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan qatnashmoqda. Bundan tashqari, yig‘ilishda mehmon sifatida birinchi marta Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etmoqda. Videoaloqa orqali esa O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon qatnashishmoqda.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) 2014-yilda Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Bu ittifoqqa 2015-yilda Armaniston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan, Moldova va Kuba kuzatuvchi maqomiga ega. O‘zbekiston 2020-yil dekabr oyida YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgan edi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda YeOIIga a’zo mamlakatlar kapitali ishtirokidagi korxonalar soni sezilarli darajada oshdi.
YeOIIning maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini yuksaltirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiyani rivojlantirishdan iborat.