TOShKENT, 24-may — Sputnik. Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlari tuzildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining (MSK) navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.
Ekspert guruhi tarkibiga jami 36 nafar kriminalist, xatshunos ekspert-mutaxassislari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining vakillari jalb etildi.
Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ham ishtirok etishadi.
Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan to‘rt kunlik muddatda tekshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi 2023-yil 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq Ekopartiya o‘z yetakchisi Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasi Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasi Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) Shavkat Mirziyoyev nomzodini ilgari surgan edi.
MSK O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari prezident saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ro‘yxatga olgan.