O‘zbekiston prezidenti saylovi — 2023

O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘yicha xorijda nechta saylov uchastkasi tuzilishi ma’lum bo‘ldi

Mamlakatning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuziladi.
Sputnik
TOShKENT, 24-may — Sputnik. O‘zbekiston bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari prezident saylovi bo‘yicha xorijda 56 ta saylov uchastkasi tuziladi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining (MSK) navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.

"Tashqi ishlar vazirligining MSKga kelib tushgan taqdimnomasiga asosan 39 ta O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuziladi. Saylov kodeksining talablariga ko‘ra, uchastkalar 25-mayga qadar qoida tariqasida saylovchilar soning kamida 20 nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi", - dedi MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov.

Ushbu talablardan kelib chiqib, majlisda mamlakatning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi hamda mazkur saylov uchastkalari 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirildi.
Eslatib o‘tamiz, muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.