TOShKENT, 24-may — Sputnik. Braziliya dollardan voz kechish uchun yagona BRIKS valyutasini yaratishni taklif qilmoqda. Bu haqda RIA Novosti AgoraVox nashriga tayanib xabar berdi.
“AQSh BRIKSning ikki asosiy davlati - Rossiya va Xitoyga nisbatan sanksiya siyosatini kuchaytirishi tufayli dollardan foydalanish nomaqbul bo‘lib bormoqda”, - deydi sharhlovchi Aleksandr Lemuan.
Shuningdek, u ittifoqning tez orada kengayishi munosabati bilan yagona valyuta yaratish masalasi “ayniqsa dolzarb” ekanini ta’kidladi.
Saudiya Arabistoni, Eron, Misr, Jazoir, Bahrayn va BAA BRIKSga qo‘shilish istagini bildirgan.
Muallifning so‘zlariga ko‘ra, Braziliya va Janubiy Afrika dollarga kuchli bog‘liqlik tufayli umumiy valyuta joriy etishni taklif qilmoqda.
Misol uchun, Lula da Silva Vashingtonning AQShdan tashqarida dollar likvidligini to‘plash bo‘yicha harakatlaridan qo‘rqishini bildirdi. Bundan tashqari, G‘arb sanksiyalari Xitoy va Rossiya bilan potensial foydali hamkorlikka to‘sqinlik qiladi.
Avvalroq Braziliya prezidenti Lula da Silva bir necha bor dollardan foydalanishdan voz kechib, BRIKS doirasida yagona valyuta yaratishga chaqirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Jjhon savdosida o‘zaro savdoda milliy valyutalarga o‘tish va dollardan voz kechish tendensiyasi qaytarib bo‘lmasligini ma’lum qilgan edi.
Aprel oyida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq maslahatchisi Jeyms Rikards Qo‘shma Shtatlarning Rossiyaga qarshi joriy qilgan sanksiyalari mamlakatlarning dollardan foydalanishdan voz kechish jarayonini tezlashtirishini aytgan.