Migrantlarga rossiyaliklarnikidan kam bo‘lmagan maosh to‘lash taklif etildi

Endi migrantlar tomonidan boshqa davlatlarga pul yuborish uchun 1 foizlik davlat komissiyasi undirilishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 23-may — Sputnik. Rossiyada ish beruvchilarga migrantlar uchun mamlakat fuqarolarinikidan kam bo‘lmagan maosh to‘lashni majburiy qilish taklif etildi. Ushbu taklif “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” partiyasi yetakchisi Sergey Mironov tomonidan bildirildi. Bu haqda "Musofir" Telegram-kanali xabar qildi.
Mironov tomonidan bildirilgan taklif Rossiya bosh vaziriga yo‘llangan murojaatda keltirilgan.
Meyor buzilgan taqdirda, Mironov ko‘p bolali oilalarning hayotini yaxshilash uchun ishlatiladigan jarimalarni belgilashni taklif qildi. Bundan tashqari, u demografik vaziyatni yaxshilash va ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini yaratishni taklif qilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jamg‘armani boshqa narsalar qatori, migrantlar mehnatidan foydalanayotgan ish beruvchilar uchun qo‘shimcha soliq hisobiga to‘ldirish mumkin.
Qayd etilishicha, qo‘shimcha soliqni joriy qilishda “iqtisodning yashirin sektorini rivojlantirish xavfi” mavjud. Shu sababli parlament a’zosi Vazirlar Mahkamasi rahbariga muqobil variantni ko‘rib chiqishni taklif qildi: migrantlarning boshqa davlatlarga jo‘natgan pul o‘tkazmalari bo‘yicha 1 foizlik davlat komissiyasini joriy etish.
Mironovning so‘zlariga ko‘ra, “migrantlar boshqa davlatlarga pul o‘tkazish orqali Rossiya iqtisodiy salohiyatining zaiflashishiga hissa qo‘shadi”.
Shuningdek, u chet ellik ishchilar uchun sug‘urta badallarini to‘lamaganlik uchun ish beruvchilar uchun jarimani to‘lanmagan badallarning 20 foizidan 100 foizigacha oshirishni taklif qildi.
Mironov ushbu takliflarning amalga oshirilishi demografik pasayish muammosini ham, mehnat migratsiyasining o‘sishini ham hal qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, migratsiya oqimining oshishi halokatli oqibatlarga olib keladi.
“Rossiya aholisining yanada qisqarishi bilan birga migratsiya oqimining yanada ortishi, vaqt o‘tishi bilan o‘z maqomini yo‘qotish xavfi ostida bo‘lgan davlat tuzuvchi rus xalqining mavjudligi uchun halokatli oqibatlarga olib keladi”, dedi Mironov.