O‘zbekistonda qizil kitobga kiritilgan ikkita Buxoro bug‘usi tug‘ildi

O‘zbekiston Qizil Kitobiga va Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro bug‘usi ayni damda ikkita bug‘u bolasi nazoratga olingan.
Sputnik
TOShKENT, 23-may — Sputnik. Navoiy viloyatidagi Zarafshon milliy tabiat bog‘ida ikkita Buxoro bug‘usi tug‘ildi, deya xabar berdi Tabiat resurslari vazirligi.
Qayd etilishicha, ayni damda ikkita bug‘u bolasi nazoratga olingan.
Tabiat resurslari vazirligi tomonidan Buxoro bug‘ulari yashash areallari, ularning populyatsiyasi monitoringi olib borilmoqda.
Shuningdek, ushbu noyob turdagi jonzotlarning muhofazasini ta’minlash va yanada ko‘paytirish bo‘yicha "Quyi Amudaryo" davlat biosfera rezervatida, "Qizilqum" davlat qo‘riqxonasida, "Zarafshon" milliy tabiat bog‘ida chora-tadbirlar amalga oshirib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, xongul yoki Buxoro bug‘usi– juft tuyoqlilar turkumining bug‘ular oilasiga mansub bo‘lgan sut emizuvchi hayvonlarning kenja turi hisoblanadi. Bu tur O‘zbekiston Qizil Kitobiga va Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil ro‘yxatiga yo‘q bo‘lib ketayotgan, lokal tarqalgan kenja tur maqomi bilan kiritilgan.