TOShKENT, 22-may — Sputnik. 19 may kuni Vazirlar Mahkamasining "Mirzo Ulug‘bek vorislari" tayyorlov o‘quv kurslarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra o‘quv kurslari quyidagi yo‘nalishlarda tashkil etiladi:
axborot texnologiyalaridan va kommunikatsiyalaridan foydalanish (boshlang‘ich);
matematik statistika;
algoritmlash asoslari;
ma’lumotlarni qayta ishlash;
dasturlash tillari (Phyton);
ingliz tili;
qaror qabul qilish asoslari.
O‘quv kurslari jamoa bo‘lib ishlash va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham tashkil etilishi mumkin. Birinchi o‘quv yilida kamida 60 nafar tinglovchi qabul qilinadi, keyingi yillarda tinglovchilar soni ehtiyojdan kelib chiqib, oshirib boriladi.
Ta’lim olish 34 hafta muddat davomida “Blending learning — aralash ta’lim texnologiyasi” asosidagi o‘quv dasturiga muvofiq tashkil etiladi.
Ushbu kurslarda o‘qish uchun tanlovning birinchi yilida respublika davlat OTMlarining bakalavriat bosqichida (barcha ta’lim shakli bo‘yicha) 2-kursni muvaffaqiyatli tamomlagan (akademik qarzdorligi bo‘lmagan) talabalari ishtirok etishlari mumkin.
Ushbu o‘quv kurslariga qabul qilingan respublika hududlaridagi talabalarining o‘qishini mos va turdosh yo‘nalishlarda Toshkent shahrida joylashgan davlat OTMlariga akademik mobillik asosida bir yil muddatga ko‘chiriladi.
O‘quv kurslariga qabul qilingan talabalar (tinglovchilar):
ushbu o‘quv kurslarida o‘qishi davomida BHMning to‘rt baravari (1 million 320 ming so‘m) miqdorida har oyda bir marotaba rag‘batlantirib boriladi;
turar joy bilan ta’minlanadi yoki asosiy o‘qish joyi bo‘lgan hududlardagi davlat OTMlari tomonidan belgilangan tartibda ijara to‘lovlarining bir qismi qoplab beriladi;
o‘qishi davomida bir mahal issiq ovqat bilan ta’minlanadi;
ta’lim olish muddatiga zarur kompyuter jihozlari (noutbuk va boshqalar) taqdim etiladi;
IT-park rezidentlari bo‘lgan tashkilotlarda amaliyotlarda qatnashishi ta’minlanadi;
O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi va Toshkent shahridagi Inxa universiteti tomonidan tasdiqlanadigan tegishli yo‘nalishi bo‘yicha davlat namunasidagi sertifikat beriladi.