TOShKENT, 22-may — Sputnik. Moskva O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etishini kutmoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
“24-25 may kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston prezidentining ishtirok etishini kutapmiz”, - deya ma’lum qilgan Rossiya TIV RIA Novostiga.
Vazirlik 21-22 may kunlari O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov amaliy tashrif bilan Rossiyada bo‘lishini eslatgan. Saidov rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan muzokaralar olib boradi.
Rossiya TIV ittifoqchilik va keng qamrovli strategik sherikchilik tamoyillariga asoslangan Moskva va Toshkentning o‘zaro manfaatli hamkorligi tomonlar manfaatlariga mos kelishini ta’kidlagan.
24-25 may kunlari Moskvada Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) 2014-yilda Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Bu ittifoqqa 2015-yilda Armaniston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan, Moldova va Kuba kuzatuvchi maqomiga ega. O‘zbekiston 2020-yil dekabr oyida YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgan edi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda YeOIIga a’zo mamlakatlar kapitali ishtirokidagi korxonalar soni sezilarli darajada oshdi.
YeOIIning maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini yuksaltirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiyani rivojlantirishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili 27-may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining onlayn o‘tgan yig‘ilishida tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari sifatida ishtirok etgan edi.